Byudjet-soliq tizimi ochiqlik tamoyiliga asoslanadi
2018-07-20 00:00:00
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga Murojaatnomasida byudjet tizimini qayta ko‘rib chiqish, byudjet daromadlari va xarajatlarining xalqimiz uchun ochiq-oshkora bo‘lishini ta’minlash zarurligini ta’kidlagan edi. Zero, davlat va jamiyat boshqaruvidagi ochiqlik, mamlakat byudjetining taqsimlanishi va sarflanishidagi shaffoflik chinakam xalq hokimiyatini qaror toptirish va fuqarolik jamiyatiga asoslangan huquqiy demokratik davlat qurishning muhim shartidir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida “Byudjet shaffofligi va byudjet-soliq sohasidagi xatarlarni baholash” mavzuida tashkil etilgan seminar mamlakatimizda bu borada amalga oshirilayotgan ishlarni tahlil qilish, davlat mablag‘larini maqsadli sarflash bo‘yicha axborotni e’lon qilishning xalqaro me’yorlari yuzasidan fikr almashish imkonini berdi.
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Xalqaro valyuta fondi va Jahon banki hamkorligida tashkil etilgan tadbirda parlament a’zolari, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari, bank-moliya, soliq tizimi mutaxassislari, tadqiqot institutlari, Xalqaro valyuta fondi yetakchi ekspertlari ishtirok etdi. Tadbirda davlat va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarini taqsimlash va sarflashdagi shaffoflik, soliq va byudjet siyosatining asosiy yo‘nalishlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar ochiqligi tamoyillari muhokama qilindi.
O‘zbekiston Xalqaro valyuta jamg‘armasining ma’lumotlarni tarqatishdagi kengaytirilgan umumiy me’yorlariga qo‘shilgan. Bu tashkilotning 2018 yil 3 maydagi bayonotida o‘z aksini topgan. Shu asosda mamlakatimizda xalqaro moliya institutlari, xususiy sektor va ilmiy doira vakillari ishtirokida davlat moliya tizimi boshqaruvini isloh qilish, ichki va tashqi foydalanuvchilar uchun byudjet ma’lumotlari ochiqligini ta’minlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqilmoqda.
– Byudjet tizimini, davlat maqsadli jamg‘armalari mablag‘larini shakllantirish va ijro etish to‘g‘risida jamoatchilikni xabardor qilib borish byudjetning ochiqligi va shaffofligini ta’minlashning muhim sharti, – deydi Moliya vazirligi bo‘lim boshlig‘i Ismonjon Mamajonov. – Shularni inobatga olgan holda Davlat byudjeti bosh boshqarmasi, Moliya vazirligi hamda BMT Taraqqiyot dasturi hamkorlikda mamlakatimizning 2018 yil uchun mo‘ljallangan byudjeti ijrosini e’lon qilishni rejalashtirgan. Mazkur ma’lumot fuqarolar uchun tushunarli tilda, qo‘shimcha izohlar va infografika tarzida ishlab chiqildi. Hujjat yaqin kunlarda omma e’tiboriga havola etiladi.
Tadbir ishtirokchilari mamlakatimizda byudjet-soliq siyosati sohasida zamon talablariga javob beradigan yangicha islohotlar amalga oshirilayotgani, bunda xalqaro amaliyot va tajribani o‘rganish asnosida milliy yondashuvlar qayta ko‘rib chiqilayotganini qayd etdi.
Seminar doirasida xalqaro ekspertlar byudjet-soliq hisoboti, davlat moliyaviy statistikasini tuzishni umume’tirof etilgan ko‘rsatkichlar asosida olib borish, mablag‘lar qamrovi, byudjetni o‘rta muddatli rejalashtirish va dasturiy mablag‘ bilan ta’minlash kabi muhim masalalarda o‘z taqdimotlari bilan ishtirok etdi.
– O‘rta muddatga byudjetni rejalashtirish rivojlangan mamlakatlar tajribasida ko‘p uchraydi, – deydi Xalqaro valyuta fondi maslahatchisi Mat Kruk. – Bu byudjet mablag‘larini taqsimlovchilar va byudjet tashkilotlari uchun o‘z faoliyat istiqbollarini uzoqroq davrga prognozlashtirish imkonini beradi. O‘zbekistonda ham joriy yildan o‘rta muddatli byudjet ishlab chiqildi, biz buni yuqori baholaymiz. Uning bosqichma-bosqich, maqsadli amalga oshirilishida o‘zaro muloqot va tajriba almashish muhim ahamiyat ega.
Hisobot davrida davlat byudjeti xarajatlarining samaradorligini baholash mezonlari, maqsadli jamg‘armalar mablag‘larining belgilangan mezonlar doirasida ijro etilishi bo‘yicha ma’lumotlar ochiqligini ta’minlash muhim ahamiyatga ega. Muloqot chog‘ida davlat byudjeti daromadlarining shakllanishi va xarajatlarining sarflanishida makro-fiskal tendensiyalarni tahlil qilish va moliyaviy ko‘rsatkichlarni umumiy baholash masalalari zarurligi qayd etildi.
Ekspertlar fikricha, O‘zbekiston Xalqaro valyuta jamg‘armasining soliq-byudjet sohasida shaffoflik masalalari bo‘yicha kodeksiga muvofiq o‘tkazilayotgan baholash jarayonida faol ishtirok etmoqda. Bu mamlakatning soliq-byudjet ma’lumotlari oshkoraligini ta’minlashda xalqaro hamjamiyatga integratsiyalashish yo‘lidagi intilishini namoyon etadi.
Tadbir so‘nggida mamlakatimizning Xalqaro byudjet hamkorligi tashkiloti tomonidan o‘tkaziladigan byudjet ochiqligi so‘rovida ishtirok etishi bo‘yicha istiqbolda o‘rta muddatli harakatlar rejasini ishlab chiqishga kelishib olindi.
Manba: UzA
Foydali havolalar