“Elektron hukumat”: taraqqiyot istiqbollari
2016-09-27 00:00:00
Poytaxtimizda “ICTWEEK Uzbekistan – 2016” axborot-kommunikatsiya texnologiyalari haftaligi doirasida O‘zbekiston Respublikasining “Elektron hukumat to‘g‘risida”gi qonuni ijrosiga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo‘mitasi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan tashkil etildi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, vazirlik va idoralarning axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bo‘linmalari rahbar va mutaxassislari, fuqarolik jamiyati institutlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda davlat hokimiyati organlari faoliyatining samaradorligini oshirish va oshkoraligini ta’minlashda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanishni rivojlantirishning holati va istiqbollari muhokama etildi, mazkur sohadagi qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotini yanada takomillashtirishga doir taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining o‘rinbosari S.Otamurodov, axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining birinchi o‘rinbosari A.Fayzullayev va boshqalar “Elektron hukumat to‘g‘risida”gi qonun mamlakatimizning sotsial-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy taraqqiyotini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi. Qonunda jamiyat va davlat qurilishi sohasiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish jarayonlari kompleks va tizimli ravishda tartibga solingan. Bu jamiyatni demokratlashtirishni yanada jadallashtirish, fuqarolarni qarorlar qabul qilish jarayoniga faol jalb etish, axborotdan hamda zamonaviy davlat elektron xizmatlaridan foydalanish tizimlarini rivojlantirish uchun zarur tashkiliy-texnik sharoitlar yaratishga xizmat qiladi.
Seminar ishtirokchilari “elektron hukumat” tizimini rivojlantirishning qonuniy asoslari, milliy axborot-kommunikatsiya tizimini takomillashtirish, elektron tijorat, soliq sohasiga elektron davlat xizmatlarini joriy qilishning istiqbollari, davlat hokimiyati organlari faoliyatida oshkoralikni ta’minlashda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish masalalari yuzasidan fikr almashdi.
BMTning yaqinda nashr etilgan jahonda axborot sohasining rivojlanishiga oid sharhi seminar ishtirokchilarining alohida e’tiborini tortdi. Unda bayon qilingan Elektron hukumatni rivojlantirish reytingida O‘zbekiston 193 mamlakat orasida 80-o‘rinni egallagan. Shuningdek, BMT tomonidan tuzilgan fuqarolarning zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda qarorlar qabul qilish hamda davlatni demokratik boshqarish jarayonlaridagi ishtiroki darajasini namoyon etuvchi "Elektron ishtirok" reytingida mamlakatimiz yanada yuqori – 47-o‘rinni egalladi.
Foydali havolalar