Axborot tizimlari davlat organlari xizmatida
2017-04-19 00:00:00
Poytaxtimizda davlat organlari faoliyatiga zamonaviy axborot kompleks tizimlari va ma’lumotlar bazasini joriy etishga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi. Unda mavjud shunday tizimlar imkoniyati, shuningdek, yangi tizimlar va ma’lumotlar bazasini yaratish hamda rivojlantirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, “Uzinfocom” komputer va axborot texnologiyalarini rivojlantirish hamda joriy etish markazi, "Elektron hukumat" tizimini rivojlantirish markazi, Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi vakillari ishtirok etdi.
Davlat organlari faoliyatiga zamonaviy axborot kompleks tizimlari va ma’lumotlar bazasining joriy etilishi davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish, fuqarolarning tizimlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, aholiga ko‘rsatilayotgan yangi interfaol xizmatlar turini ko‘paytirishga xizmat qilayotgani ta’kidlandi. Xususan, ko‘plab ruxsat berish tartib-taomillari soddalashtirilib, aksariyat faoliyat turlari uchun litsenziya olish muddatlari qisqartirildi. Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari faoliyati samaradorligini oshirish, davlat va jamiyat qurilishi sohasida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalanishni ta’minlash maqsadida 2012-yil 21-martdagi “Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada joriy etish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida salmoqli ishlar amalga oshirildi.
Seminar ishtirokchilari O‘zbekistondagi barcha axborot tizimlarini o‘zida birlashtirgan Milliy axborot-kommunikatsiya tizimini rivojlantirish natijalariga alohida e’tibor qaratdi. Fuqarolarning elektron shaklda davlat organlari bilan aloqasini ta’minlash ushbu tizimning asosiy vazifalaridan biridir. Bugungi kunda "Xarid", "Soliq", "Litsenziya", "Bojxona", "Byudjet" kabi oltita axborot kompleks tizimi yaratilib, faoliyat ko‘rsatmoqda. Bu tizimlarda ma’lumotlar to‘planib umumlashtiriladi, yuridik va jismoniy shaxslarga turli interfaol xizmatlar ko‘rsatiladi.
Ayni paytda "Nafaqa", "Sog‘liqni saqlash", "Ta’lim", "Kommunal xo‘jalik", "Adliya-2", "Davlat boshqaruvi" singari axborot kompleks tizimlari ishlab chiqilmoqda. Ushbu tizimlar orqali pensiya ta’minoti, sog‘liqni saqlash, ta’lim, kommunal xo‘jalik sohasida interfaol xizmatlar ko‘rsatiladi.
Bundan tashqari, davlat organlari va tijorat banklari axborot tizimlarining samarali texnologik hamkorligini ta’minlash maqsadida 2016-yilning 1-yanvaridan elektron raqamli imzodan foydalangan holda foydalanuvchilarni identifikatsiya qilish bo‘yicha yagona axborot tizimi ishga tushirilgan.
Manba: UzA
Foydali havolalar