Reportaj: Zangiota tumanidagi “Highway Logistics” markazining sinoatlari nimada?
2018-01-08 00:00:00
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5 yanvar kuni Toshkent viloyatining Zangiota tumaniga tashrifi chog‘ida “Highway Logistics” zamonaviy logistika markazi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Ko‘p tarmoqli xizmat turlarini o‘zida jamlagan, barcha qulayliklarga ega markaz faoliyatini tashkil etishda Germaniya, Fransiya, Rossiya, Gruziya, Qozog‘iston kabi davlatlarning logistika sohasidagi tajribasi o‘rganildi. Ichki va tashqi bozor ko‘rsatkichlari, talablari inobatga olinib, xalqaro va milliy miqyosda yuk tashish xizmatlarini ko‘rsatish, yuklarga tezkor va sifatli ishlov berish, ularni jo‘natish tarmog‘i barpo etildi.
Umumiy qiymati 40 million AQSh dollaridan ziyodni tashkil etgan, hududi 14,2 gektar maydonga teng markazda 350 ish o‘rni yaratildi. Korxonaning eksport va import tovarlari uchun logistika xizmatlari ko‘rsatish yillik quvvati 1 million 200 ming tonnani tashkil etadi.
– Mazkur loyiha mamlakatimiz va xorijiy tadbirkorlarning eksport va import salohiyatini oshirish, ularga sifatli xizmat ko‘rsatishni nazarda tutadi, – deydi “Highway Logistics” markazi boshqaruvi raisi Anvar Turdialiyev. – Ya’ni xorijiy yuk avtomobillari poytaxt hududiga kirmagan holda, shahar ekologik infratuzilmasiga ziyon yetkazmay, yuklarni mamlakatimiz hududida olib kirish va chiqish ishlarini ushbu logistika markazining o‘zida amalga oshirish imkoniyatiga ega.
Markaz hududida bojxona bo‘limi tashkil etilgan. U yerda markazlashgan mahsulotlar g‘aznasi, bojxona posti, bank, deklaratsiya to‘ldirish, sertifikatlashtirish va ko‘rikdan o‘tkazish bo‘limlari, logistika xizmatlarini ko‘rsatuvchi, tovar jo‘natish va qabul qilish kompaniyalari, bojxona brokerlari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Barcha xizmatlar “Yagona darcha” markazi orqali amalga oshiriladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, yuk tashuvchi avtomobil haydovchilarining kunlik xarajatlari xorijiy davlatlarda o‘rtacha 35-40 AQSh dollari atrofida baholanadi. “Highway Logistics” markazida esa uch mahal issiq ovqat, mehmonxona xizmati hamda avtoturargoh uchun o‘rtacha 20 AQSh dollari miqdorida haq to‘lash kifoya.
Logistika markazida xorijiy yuk avtomobillarini qayd etib borish tizimi mavjud. Bu xorijiy yuk mashinalarining ortga qo‘shimcha yuk tashish orqali xarajatlarini qoplash, o‘z navbatida, eksport tovarlarini ikki baravar arzon narxlarda manziliga eltish imkonini beradi. Natijada eksport qilinayotgan tovarlar uchun yo‘l xarajatlari kamayib, mahsulot tannarxi arzonlashadi.
– Ushbu tizim xorijiy korxonalarga qo‘shimcha qulayliklar yaratib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlik ko‘lamini kengaytirish imkonini beradi, – deydi “Highway Logistics” markazi boshqaruvi raisi o‘rinbosari Doniyor Sotvoldiyev. – 2017 yil holatiga ko‘ra, poytaxtimiz hududiga kirib kelgan 30 ming yuk avtomobilining o‘rtacha 70 foizini xorijiy yuk tashuvchi avtoulovlar tashkil etdi. Shu ma’noda, bunday xizmatlarning markazimizda yo‘lga qo‘yilishi xorijiy valyuta tushumini oshirishga ham xizmat qiladi.
Markazda yanada qulay sharoitlar yaratish maqsadida motel, milliy taomlar oshxonasi, avtomobillarga barcha turdagi texnik xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, ehtiyot qismlar do‘koni, 150 o‘rinli avtoturargoh, mahsulotlarni saqlash uchun muzlatkich omborlari, tezkor bojxona va brokerlik xizmatlari yo‘lga qo‘yilgan.
“Highway Logistics” markazi WMS Axelot omborni boshqarish, “Hormann” yuk tushirish stansiyasi, xavfsizlik multimedia markazi va hududda uzluksiz videokuzatuvni amalga oshiradigan zamonaviy boshqaruv tizimiga ega.
Ayni paytda markazda bir vaqtning o‘zida 20 ta yuk mashinasiga yuklarni rasmiylashtirish, bojxona ko‘rigidan o‘tkazish xizmatlari ko‘rsatish, 600 ming tonna yukni qayta ishlash imkoniyati mavjud. Joriy yilning ikkinchi choragida foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan “A” klassdagi omborning ishga tushishi bilan bir vaqtning o‘zida qo‘shimcha 30 avtomobilga xizmat ko‘rsatish yoki yuklarni qayta ishlash hajmini 1 million 600 ming tonnaga yetkazish mumkin bo‘ladi.
– Prezidentimiz “Highway Logistics” markazida tashkil qilingan bojxona bo‘limi, mavjud texnikalar, transport qatnovi va mahsulotlarni ortish hamda yetkazish tizimi bilan tanishish asnosida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va saqlashda zamonaviy texnologiyalarni qo‘llash bo‘yicha zarur ko‘rsatmalar berdi, – deydi Anvar Turdialiyev. – Davlatimiz rahbarining e’tibor va tavsiyalari 35 gektar maydonda qurilishi boshlangan loyihaning ikkinchi bosqichini jihozlash va loyihalash uchun ayni muddao bo‘ladi. Prezidentimiz kelgusida bu kabi logistika markazlarini har bir viloyatda tashkil qilish kerakligini aytdi. Bu bizning faoliyatimizga berilgan yuqori baho bo‘lishi bilan birga, o‘z ishimizga yanada mas’uliyat bilan yondashishga undaydi.
Hozirgi kunda “Highway Logistics” zamonaviy logistika markazi temir yo‘llar, havo va avtomobil yo‘llaridan foydalangan holda Eron, Turkiya, Rossiya, Boltiqbo‘yi mamlakatlaridan kelayotgan yuk avtomobillari uchun transport-ekspeditorlik xizmatlarini ko‘rsatmoqda.
Manba: UzA
Foydali havolalar