Ishbilarmonlarning samarali hamkorlik maydoni

2018-04-01 00:00:00

Ashxobod shahrida 29-31 mart kunlari “Made in Uzbekistan” Milliy sanoat ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Unda turkmanistonlik ishbilarmonlar O‘zbekiston mahsulotlariga katta qiziqish bildirdi. 


Ikki davlat rahbarlarining oliy darajadagi uchrashuvi chog‘ida erishilgan yangi bosqichdagi hamkorlik aloqalari o‘zaro hurmat va ishonch ruhida mustahkamlanib bormoqda. Bu, ayniqsa, siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya va madaniy-gumanitar sohalarda sezilarli faollashdi. 
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil mart oyida Turkmanistonga davlat tashrifi davomida imzolangan Strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnoma asosida ushbu mamlakat bilan savdo, ishlab chiqarish kooperatsiyasi, energetika, transport, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalarda yirik loyihalar amalga oshirilmoqda. 
O‘zbekiston va Turkmaniston savdo-sanoat palatalari hamkorligida yuqori saviyada tashkil etilgan mazkur forum ana shu do‘stona aloqalarning mantiqiy davomi bo‘ldi. Mazkur tadbir qo‘shni davlat ishbilarmon doira vakillari bilan savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish, yaqin sheriklik aloqalarini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etdi. Unda mamlakatimizning barcha hududlaridan 100 dan ortiq yirik sanoat korxonasi va tadbirkorlar o‘z mahsulotlari bilan qatnashdi. 
O‘zbekistonning tog‘-kon, metallurgiya, neft-gaz, mashinasozlik, elektrenergetika, to‘qimachilik, kimyo sanoati, qurilish materiallari, maishiy texnika, oziq-ovqat, tibbiyot mahsulotlari, avtomobilsozlik, sug‘urta xizmatlari, amaliy san’at va hunarmandlik mahsulotlari namoyishi o‘ziga xosligi va betakrorligi bilan ajralib turdi. 
Ko‘rgazmada tijoriy-sheriklik, manfaatli hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan shartnomalar imzolandi, mahsulotlar eksportini oshirish yuzasidan istiqbolli kelishuvlarga erishildi. 

Manba: UzA