Murоjааtlаrni ko`rib chiqish tаrtibi

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING
QONUNI
03.12.2014 y.
N O‘RQ-378


JISMONIY VA YuRIDIK ShAXSLARNING
MUROJAATLARI TO‘G‘RISIDA

Qonunchilik palatasi tomonidan 2014 yil 29 oktyabrda qabul qilingan
Senat tomonidan 2014 yil 13 noyabrda ma’qullangan

1-bob. Umumiy qoidalar (1 - 9-moddalar)
2-bob. Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaat
etish huquqlarining kafolatlari (10 - 15-moddalar)
3-bob. Murojaatlarni berish va ularni
ko‘rib chiqish tartibi (16 - 20-moddalar)
4-bob. Murojaatlarni ko‘rib chiqishda jismoniy
va yuridik shaxslarning huquqlari hamda davlat
organlarining majburiyatlari (21 - 24-moddalar)
5-bob. Yakunlovchi qoidalar (25 - 31-moddalar)


1-BOB. UMUMIY QOIDALAR

1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
2-modda. Murojaatlar to‘g‘risidagi qonun hujjatlari
3-modda. Murojaat etish huquqi
4-modda. Murojaatlarning shakllari
5-modda. Murojaatlarning turlari
6-modda. Murojaatlarga qo‘yiladigan talablar
7-modda. Murojaatlar va ommaviy axborot vositalari
8-modda. Jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning
vakillarini qabul qilish
9-modda. Murojaatlar bo‘yicha ish yuritish


1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi

Ushbu Qonunning maqsadi davlat organlari va davlat muassasalariga (bundan buyon matnda davlat organlari deb yuritiladi) jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari (bundan buyon matnda murojaatlar deb yuritiladi) sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.


2-modda. Murojaatlar to‘g‘risidagi qonun hujjatlari

Murojaatlar to‘g‘risidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.
Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga murojaatlar sohasidagi munosabatlar ushbu Qonunda belgilangan tarzda tartibga solinadi.
Ushbu Qonunning amal qilishi:
ko‘rib chiqish tartibi ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi, fuqarolik protsessual, jinoyat-protsessual, jinoyat-ijroiya, xo‘jalik protsessual qonun hujjatlari va boshqa qonunlar bilan belgilangan murojaatlarga;

Qarang: MJtK*; FPK; JPK; JIK; XPK; "Fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini buzadigan xatti-harakatlar va qarorlar ustidan sudga shikoyat qilish to‘g‘risida"gi Qonun; "Prokuratura to‘g‘risida"gi Qonunning (yangi tahrirda) 7-moddasi

davlat organlarining, shuningdek ular tarkibiy bo‘linmalarining o‘zaro yozishmalariga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Shuningdek qarang: “NORMA” AQT “Me’yoriy-huquqiy hujjatlar” papkasi “Davlat organlari faoliyatining qonuniy asoslari” papkasi “Davlat organlarida ishni tashkil etish va nazorat” papkasi


3-modda. Murojaat etish huquqi

Jismoniy va yuridik shaxslar davlat organlariga murojaat etish huquqiga ega.
Murojaat etish huquqi ixtiyoriy amalga oshiriladi. Hech kim biron-bir murojaatni himoya qilishga yoxud unga qarshi qaratilgan harakatlarda ishtirok etishga majbur qilinishi mumkin emas.
Murojaat etish huquqining amalga oshirilishi boshqa jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlarini, erkinliklarini hamda qonuniy manfaatlarini, shuningdek jamiyat va davlat manfaatlarini buzmasligi kerak.
Xorijiy davlatlarning jismoniy va yuridik shaxslari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar O‘zbekiston Respublikasi davlat organlariga ushbu Qonunga muvofiq murojaat etish huquqiga ega.

Qarang: Konstitutsiyaning 20, 23, 35-moddalari; Mazkur Qonunning 2-bobi; VM 2015 yil 31 martdagi 73-son Qarori bilan tasdiqlangan “Davlat organlari va davlat muassasalarida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tartibi to‘g‘risida”gi Namunaviy nizomning 2-bandi


4-modda. Murojaatlarning shakllari

Murojaatlar og‘zaki, yozma yoxud elektron shaklda bo‘lishi mumkin.

Qarang: Mazkur Qonun 6-moddasining to‘rtinchi, beshinchi qismlari; VM 2015 yil 31 martdagi 73-son Qarori bilan tasdiqlangan “Davlat organlari va davlat muassasalarida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tartibi to‘g‘risida”gi Namunaviy nizomning 5-bandi


5-modda. Murojaatlarning turlari

Murojaatlar arizalar, takliflar va shikoyatlar tarzida bo‘lishi mumkin.
Ariza - huquqlarni, erkinliklarni va qonuniy manfaatlarni amalga oshirishda yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi iltimos bayon etilgan murojaat.
Taklif - davlat va jamiyat faoliyatini takomillashtirishga doir tavsiyalarni o‘z ichiga olgan murojaat.
Shikoyat - buzilgan huquqlarni, erkinliklarni tiklash va qonuniy manfaatlarni himoya qilish to‘g‘risidagi talab bayon etilgan murojaat.

Qarang: VM 2015 yil 31 martdagi 73-son Qarori bilan tasdiqlangan “Davlat organlari va davlat muassasalarida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tartibi to‘g‘risida”gi Namunaviy nizom 4-bandining ikkinchi-to‘rtinchi xatboshilari, 6-bandining birinchi xatboshi

Murojaatlar, ularning turi va shaklidan qat’i nazar, bir xil ahamiyatga ega.


6-modda. Murojaatlarga qo‘yiladigan talablar

Jismoniy shaxsning murojaatida jismoniy shaxsning familiyasi (ismi, otasining ismi), uning yashash joyi to‘g‘risidagi ma’lumotlar ko‘rsatilgan va murojaatning mohiyati bayon etilgan bo‘lishi kerak.

Qarang: FKning 19, 21-moddalari

Yuridik shaxsning murojaatida yuridik shaxsning to‘liq nomi, uning joylashgan yeri (pochta manzili) to‘g‘risidagi ma’lumotlar ko‘rsatilgan va murojaatning mohiyati bayon etilgan bo‘lishi kerak.

Qarang: FKning 36, 46-moddalari

Murojaatlar davlat tilida va boshqa tillarda berilishi mumkin.

Qarang: “Davlat tili haqida”gi Qonunning (yangi tahrirda) 14-moddasi; VM 2015 yil 31 martdagi 73-son Qarori bilan tasdiqlangan “Davlat organlari va davlat muassasalarida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tartibi to‘g‘risida”gi Namunaviy nizomning 7-bandi

Yozma murojaat murojaat etuvchi jismoniy shaxsning imzosi yoki murojaat etuvchi yuridik shaxs rahbarining yoxud vakolatli shaxsining imzosi bilan tasdiqlangan bo‘lishi lozim. Jismoniy shaxsning yozma murojaatini murojaat etuvchining imzosi bilan tasdiqlash imkoni bo‘lmagan taqdirda, bu murojaat uni yozib bergan shaxsning imzosi bilan tasdiqlanib, uning familiyasi (ismi, otasining ismi) ham qo‘shimcha ravishda yozib qo‘yilishi kerak.
Elektron murojaat elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan va elektron hujjatning uni identifikatsiya qilish imkoniyatini beradigan boshqa rekvizitlariga ega bo‘lgan elektron hujjat shaklida bo‘lishi kerak. Elektron murojaat qonunda belgilangan talablarga muvofiq bo‘lishi kerak.

Qarang: “Elektron hujjat aylanishi to‘g‘risida”gi Qonun; "Elektron raqamli imzo to‘g‘risida"gi Qonun

Jismoniy shaxsning familiyasi (ismi, otasining ismi), uning yashash joyi to‘g‘risidagi ma’lumotlar yoki yuridik shaxsning to‘liq nomi, uning joylashgan yeri (pochta manzili) to‘g‘risidagi ma’lumotlar ko‘rsatilmagan yoxud ular haqida yolg‘on ma’lumotlar ko‘rsatilgan, shuningdek imzo (elektron raqamli imzo) bilan tasdiqlanmagan murojaatlar anonim murojaatlar deb hisoblanadi.

Qarang: VM 2015 yil 31 martdagi 73-son Qarori bilan tasdiqlangan “Davlat organlari va davlat muassasalarida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tartibi to‘g‘risida”gi Namunaviy nizom 4-bandining beshinchi xatboshi

Murojaat etuvchi jismoniy va yuridik shaxslarning vakillari orqali berilgan murojaatlarga ularning vakolatlarini tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilinadi.

Qarang: FKning 10-bobi; VM 2015 yil 31 martdagi 73-son Qarori bilan tasdiqlangan “Davlat organlari va davlat muassasalarida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tartibi to‘g‘risida”gi Namunaviy nizomning 8-bandi


7-modda. Murojaatlar va ommaviy axborot vositalari

Davlat organlariga ommaviy axborot vositalari tahririyatlaridan kelib tushgan murojaatlar ushbu Qonunda nazarda tutilgan tartibda va muddatlarda ko‘rib chiqiladi.

Qarang: Mazkur Qonunning 18, 19-moddalari

Ommaviy axborot vositalariga yo‘llangan murojaatlardan ommaviy axborot vositalari to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga muvofiq jamoatchilik fikrini o‘rganish va aks ettirish uchun foydalanilishi mumkin.

Qarang: “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi Qonunning (yangi tahrirda) 32-moddasi


8-modda. Jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning
vakillarini qabul qilish

Davlat organlarida jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilish tashkil etiladi. Jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilish davlat organining rahbari yoxud boshqa vakolatli shaxs tomonidan amalga oshiriladi. Buning uchun davlat organlarida maxsus tarkibiy bo‘linmalar tashkil etilishi mumkin, qabul uchun mas’ul bo‘lgan mansabdor shaxslar belgilanadi.
Jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilish belgilangan kun va soatlarda, qabul qilish jadvallariga muvofiq o‘tkaziladi.
Qabul qilish jadvallari va uni o‘tkazish vaqti, joyi hamda qabulga oldindan yozilish to‘g‘risidagi axborot, shuningdek qabul qilish tartibi davlat organlarining rasmiy veb-saytlarida e’lon qilish, shuningdek ularning ma’muriy binosida hamma kirishi mumkin bo‘lgan joylardagi stendlarga yoki boshqa texnik vositalarga joylashtirish orqali manfaatdor shaxslar e’tiboriga yetkaziladi.

Qarang: “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi Qonunning 13, 14-moddalari

Jismoniy shaxs og‘zaki murojaat etayotganda o‘z shaxsini tasdiqlovchi hujjatni, yuridik shaxsning vakili esa o‘z vakolatlarini tasdiqlaydigan hujjatni, shuningdek o‘z shaxsini tasdiqlovchi hujjatni ko‘rsatishi kerak.
Jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilish, agar ularning shunday xususiyatga ega bo‘lgan ilgarigi murojaati bo‘yicha qaror qabul qilingan bo‘lsa va bu haqda ularga ushbu Qonunda belgilangan tartibda xabar qilingan bo‘lsa, rad etilishi mumkin.

Qarang: Mazkur Qonunning 23-moddasi

Davlat organlarida jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilish tartibi mazkur organlar rahbarlari tomonidan belgilanadi.
Davlat organlarining shaxsiy qabulni o‘tkazuvchi rahbarlari yoki boshqa vakolatli shaxslari har qanday masalalar, shu jumladan, o‘z vakolatlariga kirmaydigan masalalar bo‘yicha murojaat etilganda qabulni rad etishga haqli emas, ushbu moddaning beshinchi qismida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Agar shaxsiy qabul davomida bayon etilgan masalalarni hal etish davlat organining vakolatlariga kirmasa, tegishli mansabdor yoki boshqa vakolatli shaxslar murojaat etuvchiga murojaatda bayon etilgan masalalarni hal etish uchun qaysi organga yoki tashkilotga murojaat qilish lozimligini tushuntirishi kerak.
Shaxsiy qabul davomida davlat organining rahbari qaroriga ko‘ra hamda murojaat etuvchining yozma roziligi bilan maxsus texnika vositalari (audio- va videoyozuv, shuningdek fotosuratga olish) qo‘llanilishi mumkin.
Davlat organlarining rahbarlari yoki boshqa vakolatli shaxslari tomonidan sayyor shaxsiy qabullar tashkil etilishi mumkin.

Qarang: VM 2015 yil 31 martdagi 73-son Qarori bilan tasdiqlangan “Davlat organlari va davlat muassasalarida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tartibi to‘g‘risida”gi Namunaviy nizomning V bo‘limi


9-modda. Murojaatlar bo‘yicha ish yuritish

Davlat organlarida murojaatlar bo‘yicha ish yuritish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda olib boriladi.

Qarang: VM 2015 yil 31 martdagi 73-son Qarori bilan tasdiqlangan “Davlat organlari va davlat muassasalarida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tartibi to‘g‘risida”gi Namunaviy nizomning 11-37-bandlari


2-BOB. JISMONIY VA YuRIDIK ShAXSLARNING
MUROJAAT ETISh HUQUQLARINING KAFOLATLARI

10-modda. Murojaat etish huquqidan foydalanilayotganda
kamsitishga yo‘l qo‘yilmasligi
11-modda. Murojaat etish huquqini amalga oshirishning kafolatlari
12-modda. Murojaat etilganda huquqlar, erkinliklar
va qonuniy manfaatlarga rioya etilishining kafolatlari
13-modda. Murojaatlarni qabul qilish va ko‘rib chiqish kafolatlari
14-modda. Murojaatlar munosabati bilan ayon bo‘lib qolgan
ma’lumotlarning oshkor etilmasligi kafolatlari
15-modda. Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari
munosabati bilan ularning xavfsizligi kafolatlari


10-modda. Murojaat etish huquqidan foydalanilayotganda
kamsitishga yo‘l qo‘yilmasligi

Murojaat etish huquqidan foydalanilayotganda jismoniy shaxsning jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeiga, shuningdek yuridik shaxslarning mulk shakli, joylashgan yeri (pochta manzili), tashkiliy-huquqiy shakllariga va boshqa holatlariga qarab kamsitishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Qarang: Konstitutsiya 18-moddasining birinchi qismi; JKning 141-moddasi


11-modda. Murojaat etish huquqini amalga
oshirishning kafolatlari

Jismoniy va yuridik shaxslarga davlat organlariga yakka tartibda yoki jamoa bo‘lib murojaat etish huquqi kafolatlanadi.

Qarang: Konstitutsiyaning 35-moddasi; VM 2015 yil 31 martdagi 73-son Qarori bilan tasdiqlangan “Davlat organlari va davlat muassasalarida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tartibi to‘g‘risida”gi Namunaviy nizom 6-bandining ikkinchi xatboshi


12-modda. Murojaat etilganda huquqlar, erkinliklar va qonuniy
manfaatlarga rioya etilishining kafolatlari

Davlat organlari murojaatlarni ko‘rib chiqishda O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari talablariga rioya etishi, ularning to‘liq, xolisona va o‘z vaqtida ko‘rib chiqilishi uchun choralar ko‘rishi, jismoniy va yuridik shaxslarning buzilgan huquqlari, erkinliklari tiklanishini hamda qonuniy manfaatlari himoya qilinishini ta’minlash bo‘yicha o‘z vakolatlari doirasida choralar ko‘rishi shart.

Qarang: MJtKning 43-moddasi; JK 144-moddasining birinchi qismi; Mazkur Qonunning 22-moddasi


13-modda. Murojaatlarni qabul qilish
va ko‘rib chiqish kafolatlari

Murojaatlar davlat organlari tomonidan qabul qilinishi va ko‘rib chiqilishi shart, ushbu Qonunning 20-moddasida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.

Qarang: MJtKning 43-moddasi; JK 144-moddasining birinchi qismi

Jismoniy yoki yuridik shaxs murojaatni qabul qilish va ko‘rib chiqish qonunga xilof ravishda rad etilganligi ustidan bo‘ysunuv tartibida yuqori turuvchi organga yoxud bevosita sudga shikoyat qilishga haqli.

Qarang: Konstitutsiyaning 44-moddasi; "Fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini buzadigan xatti-harakatlar va qarorlar ustidan sudga shikoyat qilish to‘g‘risida"gi Qonun


14-modda. Murojaatlar munosabati bilan ayon bo‘lib qolgan
ma’lumotlarning oshkor etilmasligi kafolatlari

Murojaatlarni ko‘rib chiqishda jismoniy shaxslarning shaxsiy hayoti, yuridik shaxslarning faoliyati to‘g‘risidagi ma’lumotlar ularning roziligisiz, shuningdek davlat sirini yoxud qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi ma’lumotlar va, agar bu jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini kamsitadigan bo‘lsa, boshqa axborot davlat organlari xodimlari tomonidan oshkor etilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Qarang: Konstitutsiya 27-moddasining birinchi qismi; MJtKning 46-moddasi; JK 144-moddasining birinchi qismi; "Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida"gi Qonunning 13-moddasi; “Davlat sirlarini saqlash to‘g‘risida”gi Qonun

Jismoniy va yuridik shaxs to‘g‘risidagi, murojaatga taalluqli bo‘lmagan ma’lumotlarni aniqlashga yo‘l qo‘yilmaydi.
Jismoniy shaxsning iltimosiga ko‘ra uning shaxsiga doir biron-bir ma’lumot oshkor etilmasligi kerak.


15-modda. Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari
munosabati bilan ularning xavfsizligi kafolatlari

Jismoniy shaxsni, uning vakilini, ularning oila a’zolarini, yuridik shaxsni, uning vakilini va yuridik shaxs vakilining oila a’zolarini ular o‘z huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ro‘yobga chiqarish yoki himoya qilish maqsadida davlat organlariga murojaat etganligi, shuningdek murojaatlarda o‘z fikrini bildirganligi va tanqid qilganligi munosabati bilan ta’qib etish man etiladi.

Qarang: JK 144-moddasining ikkinchi qismi


3-BOB. MUROJAATLARNI BERISh VA ULARNI
KO‘RIB ChIQISh TARTIBI

16-modda. Murojaatlarni berish tartibi
17-modda. Murojaatlarni berish muddatlari
18-modda. Murojaatlarni ko‘rib chiqish tartibi
19-modda. Murojaatlarni ko‘rib chiqish muddatlari
20-modda. Murojaatlarni ko‘rmay qoldirish


16-modda. Murojaatlarni berish tartibi

Murojaatlar ularda qo‘yilgan masalalarni hal etish o‘z vakolati doirasiga kiradigan davlat organiga bevosita yoxud bo‘ysunuv tartibida yuqori turuvchi organga beriladi.
Jismoniy va yuridik shaxslar murojaatni mustaqil ravishda berishga, shuningdek bu boradagi vakolatni o‘z vakiliga berishga yoxud murojaatni pochta aloqasi vositalari orqali yoki elektron shaklda yuborishga haqli. Voyaga yetmaganlar, muomalaga layoqatsiz va muomala layoqati cheklangan shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab, murojaatlar ularning qonuniy vakillari tomonidan qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda berilishi mumkin.

Qarang: FKning 22, 27-32-moddalari; Mazkur Qonunning 6-moddasi

Murojaatga u bo‘yicha ilgari qabul qilingan mavjud qarorlar yoki ularning ko‘chirma nusxalari, shuningdek uni ko‘rib chiqish uchun zarur bo‘lgan boshqa hujjatlar ilova qilinishi mumkin, mazkur hujjatlar qaytarilmaydi, murojaat etuvchi ularni qaytarish haqida yozma ariza bergan hollar bundan mustasno. Murojaat taalluqliligi bo‘yicha boshqa davlat organiga yuborilganda, unga ko‘rsatib o‘tilgan hujjatlar ilova qilinishi kerak.


17-modda. Murojaatlarni berish muddatlari

Murojaatlarni berish muddatlari, qoida tariqasida, belgilanmaydi. Ayrim hollarda, agar davlat organining murojaatni ko‘rib chiqish bo‘yicha imkoniyatlariga, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini o‘z vaqtida amalga oshirish va himoya qilishni ta’minlash zaruratiga bog‘liq bo‘lsa, shuningdek qonunlarda nazarda tutilgan boshqa asoslarga ko‘ra tegishli davlat organlariga murojaatni berish muddati belgilanishi mumkin.
Bo‘ysunuv tartibida yuqori turuvchi organga ariza yoki shikoyat jismoniy yoki yuridik shaxsga uning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini buzuvchi harakat (harakatsizlik) sodir etilganligi yoxud qaror qabul qilinganligi ma’lum bo‘lgan paytdan e’tiboran uzog‘i bilan bir yildan kechiktirmay beriladi.
Ariza yoki shikoyat berishning uzrli sabablarga ko‘ra o‘tkazib yuborilgan muddati arizani yoki shikoyatni ko‘rib chiquvchi davlat organi tomonidan tiklanadi.

Qarang: VM 2015 yil 31 martdagi 73-son Qarori bilan tasdiqlangan “Davlat organlari va davlat muassasalarida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tartibi to‘g‘risida”gi Namunaviy nizomning 9-bandi


18-modda. Murojaatlarni ko‘rib chiqish tartibi

Davlat organiga kelib tushgan murojaatlar shu organ tomonidan yoki uning murojaatlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha majburiyatlar zimmasiga yuklatilgan mansabdor shaxsi tomonidan ko‘rib chiqiladi.
Qo‘yilgan masalalarni hal etish o‘zining vakolat doirasiga kirmaydigan davlat organiga kelib tushgan murojaatlar besh kunlik muddatdan kechiktirmay tegishli organlarga yuborilib, bu haqda murojaat etuvchiga yozma yoxud elektron shaklda xabar qilinadi.
Murojaatlarni ko‘rib chiqish uchun asossiz ravishda boshqa davlat organlariga o‘tkazish yoxud qarorlari yoki harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilinayotgan organlarga yoki mansabdor shaxslarga yuborish taqiqlanadi.
Agar murojaatlarda ularni tegishli organlarga yuborish uchun zarur ma’lumotlar mavjud bo‘lmasa, bu murojaatlar murojaat etuvchiga besh kunlik muddatdan kechiktirmay asoslantirilgan tushuntirish bilan qaytariladi.
Murojaatni to‘liq, xolisona va o‘z vaqtida ko‘rib chiqish uchun qo‘shimcha ma’lumotlar, ma’lumotnomalar va materiallarga zarurat paydo bo‘lgan taqdirda, mazkur murojaatni ko‘rib chiqayotgan davlat organining mansabdor shaxsi murojaat etgan jismoniy yoki yuridik shaxsdan, shuningdek o‘z vakolatlari doirasida boshqa davlat organlaridan qo‘shimcha axborotni so‘rab olishi mumkin. Agar axborot davlat sirini yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan bo‘lmasa, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlariga, jamiyat va davlat manfaatlariga zarar yetkazmasa, davlat organlari, ularning mansabdor shaxslari o‘zlaridan so‘ralayotgan axborotni o‘n kun ichida taqdim etishi shart.

Qarang: "Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida"gi Qonunning 10, 13-15-moddalari; “Davlat sirlarini saqlash to‘g‘risida”gi Qonun

Murojaatni ko‘rib chiqayotgan davlat organi, zarur hollarda, murojaat joyning o‘ziga borib ko‘rib chiqilishini ta’minlashi mumkin.
Murojaat etuvchi yoki boshqa shaxs yo‘qligida murojaatni ko‘rib chiqish imkoni bo‘lmasa, ular davlat organining mansabdor shaxsi tomonidan chaqirilishi mumkin. Chaqirilgan murojaat etuvchi kelmagan taqdirda davlat organining mansabdor shaxsi murojaatni uning ishtirokisiz ko‘rib chiqish imkoni yo‘qligi haqida javob yuboradi.
Murojaatga javobni davlat organining rahbari yoki boshqa vakolatli mansabdor shaxsi imzolaydi.
Agar murojaatda qo‘yilgan masalalar xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar faoliyatiga daxldor bo‘lsa, ularning vakillari murojaatni ko‘rib chiqishda ishtirok etish uchun davlat organlari tomonidan o‘z vakolatlari doirasida jalb etiladi.
Agar murojaatni ko‘rib chiqishda xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning faoliyatini tekshirish, shu jumladan, moliyaviy-xo‘jalik faoliyatini tekshirish (taftish qilish) zarurati yuzaga kelsa, tekshirish qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.

Qarang: “Xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilish to‘g‘risida”gi Qonun

Jismoniy va yuridik shaxslar o‘z murojaatlarini ular ko‘rib chiqilguniga qadar va ko‘rib chiqilayotgan vaqtda murojaat yuzasidan qaror qabul qilinguniga qadar yozma yoxud elektron shaklda ariza berish orqali qaytarib olish huquqiga ega.

Qarang: Mazkur Qonun 6-moddasining to‘rtinchi, beshinchi qismlari

Murojaatni qaytarib olish haqidagi ariza davlat organlari tomonidan qonun buzilishlarini aniqlash va bartaraf etish bo‘yicha choralar ko‘rilishini istisno etmaydi.

Qarang: VM 2015 yil 31 martdagi 73-son Qarori bilan tasdiqlangan “Davlat organlari va davlat muassasalarida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tartibi to‘g‘risida”gi Namunaviy nizomning II bo‘limi


19-modda. Murojaatlarni ko‘rib chiqish muddatlari

Ariza yoki shikoyat masalani mazmunan hal etishi shart bo‘lgan davlat organiga kelib tushgan kundan e’tiboran o‘n besh kun ichida, qo‘shimcha o‘rganish va (yoki) tekshirish, qo‘shimcha hujjatlarni so‘rab olish talab etilganda esa bir oygacha bo‘lgan muddatda ko‘rib chiqiladi.
Ariza va shikoyatlarni ko‘rib chiqish uchun tekshirish o‘tkazish, qo‘shimcha materiallar so‘rab olish yoxud boshqa chora-tadbirlar ko‘rish zarur bo‘lgan hollarda, ularni ko‘rib chiqish muddatlari tegishli davlat organi rahbari tomonidan istisno tariqasida uzog‘i bilan bir oyga uzaytirilishi mumkin, bu haqda murojaat etuvchiga xabar qilinadi.
Taklif davlat organiga kelib tushgan kundan e’tiboran bir oygacha bo‘lgan muddatda ko‘rib chiqiladi, qo‘shimcha o‘rganishni talab etadigan takliflar bundan mustasno, bu haqda taklifni kiritgan jismoniy yoki yuridik shaxsga o‘n kunlik muddatda yozma shaklda xabar qilinadi.

Qarang: VM 2015 yil 31 martdagi 73-son Qarori bilan tasdiqlangan “Davlat organlari va davlat muassasalarida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tartibi to‘g‘risida”gi Namunaviy nizomning III bo‘limi


20-modda. Murojaatlarni ko‘rmay qoldirish

Quyidagi murojaatlar ko‘rib chiqilmaydi:
anonim murojaatlar;

Qarang: Mazkur Qonun 6-moddasining oltinchi qismi; VM 2015 yil 31 martdagi 73-son Qarori bilan tasdiqlangan “Davlat organlari va davlat muassasalarida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tartibi to‘g‘risida”gi Namunaviy nizom 42-bandining birinchi, ikkinchi xatboshilari, 43-bandi

jismoniy va yuridik shaxslarning vakillari orqali berilgan murojaatlar, ularning vakolatini tasdiqlovchi hujjatlar mavjud bo‘lmagan taqdirda;

Qarang: FKning 10-bobi; VM 2015 yil 31 martdagi 73-son Qarori bilan tasdiqlangan “Davlat organlari va davlat muassasalarida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tartibi to‘g‘risida”gi Namunaviy nizom 42-bandining birinchi, uchinchi xatboshilari, 44-bandi

qonunda belgilangan boshqa talablarga muvofiq bo‘lmagan murojaatlar.

Qarang: Mazkur Qonunning 6-moddasi


4-BOB. MUROJAATLARNI KO‘RIB ChIQIShDA JISMONIY
VA YuRIDIK ShAXSLARNING HUQUQLARI HAMDA
DAVLAT ORGANLARINING MAJBURIYaTLARI

21-modda. Murojaatlarni ko‘rib chiqishda
jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari
22-modda. Murojaatlarni ko‘rib chiqishda qo‘llaniladigan chora-tadbirlar
23-modda. Murojaatni ko‘rib chiqqan davlat organining majburiyatlari
24-modda. Murojaatlarni umumlashtirish va tahlil qilish


21-modda. Murojaatlarni ko‘rib chiqishda jismoniy
va yuridik shaxslarning huquqlari

Murojaat davlat organlari tomonidan ko‘rib chiqilayotganda jismoniy va yuridik shaxs murojaat ko‘rib chiqilishining borishi haqida axborot olish, shaxsan vajlarini bayon etish va tushuntirishlar berish, murojaatni tekshirish materiallari hamda uni ko‘rib chiqish natijalari bilan tanishish, qo‘shimcha materiallar taqdim etish yoki ularni boshqa organlardan so‘rab olish to‘g‘risida iltimos qilish, advokat yordamidan foydalanish huquqiga ega.

Qarang: “Advokatura to‘g‘risida”gi Qonunning 3-moddasi

Murojaatni ko‘rib chiqayotgan davlat organlarining mansabdor yoki boshqa vakolatli shaxslari jismoniy va yuridik shaxsga ularning huquqlariga, erkinliklariga hamda qonuniy manfaatlariga daxldor hujjatlar, qarorlar va boshqa materiallar bilan, agar ularda davlat sirini yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi ma’lumotlar mavjud bo‘lmasa, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlariga, erkinliklariga hamda qonuniy manfaatlariga, jamiyat va davlat manfaatlariga zarar yetkazmasa, tanishib chiqish imkoniyatini ta’minlashi shart.

Qarang: "Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida"gi Qonunning 10, 13-15-moddalari; “Davlat sirlarini saqlash to‘g‘risida”gi Qonun; VM 2015 yil 31 martdagi 73-son Qarori bilan tasdiqlangan “Davlat organlari va davlat muassasalarida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tartibi to‘g‘risida”gi Namunaviy nizomning 57-bandi, 58-bandining birinchi, ikkinchi xatboshilari


22-modda. Murojaatlarni ko‘rib chiqishda
qo‘llaniladigan chora-tadbirlar

Davlat organlari murojaatlarni ko‘rib chiqishda qonunga xilof harakatlarga (harakatsizlikka) barham berishga doir chora-tadbirlarni darhol ko‘rishi, o‘z vakolatlari doirasida jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlari buzilishiga olib kelayotgan sabablar va shart-sharoitlarni aniqlashi, murojaat etganligi munosabati bilan jismoniy shaxs, uning vakili, ularning oila a’zolari, yuridik shaxs, uning vakili va yuridik shaxs vakilining oila a’zolari ta’qib qilinishiga belgilangan tartibda barham berishi shart.

Qarang: MJtKning 7, 43-moddalari; JKning 144-moddasi; Mazkur Qonunning 15-moddasi


23-modda. Murojaatni ko‘rib chiqqan davlat
organining majburiyatlari

Murojaatni ko‘rib chiqqan davlat organi murojaat etuvchiga ko‘rib chiqish natijalari hamda qabul qilingan qaror haqida murojaat ko‘rib chiqilganidan so‘ng yozma yoxud elektron shaklda darhol xabar qilishi shart.
Murojaatlarga javoblar, mumkin qadar, murojaat etilgan tilda bayon qilinadi, murojaatda ko‘rsatilgan har bir masala bo‘yicha vajlarni rad etuvchi yoki tasdiqlovchi aniq asoslarni (zaruratga qarab qonun hujjatlari normalariga havolalar qilingan holda) o‘z ichiga olgan bo‘lishi kerak.
Murojaat yuzasidan qaror qabul qilgan davlat organining mansabdor yoki boshqa vakolatli shaxsi, agar jismoniy yoki yuridik shaxs qarorga rozi bo‘lmasa, uning ustidan shikoyat berish tartibini tushuntirishi shart.
Murojaatni ko‘rib chiqqan davlat organi, uning mansabdor yoki boshqa vakolatli shaxslari murojaatni ko‘rib chiqish natijalari yuzasidan qabul qilingan qarorning ijrosini nazorat qilishi, shuningdek agar jismoniy yoki yuridik shaxsga uning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlari buzilishi natijasida moddiy zarar yoki ma’naviy ziyon yetkazilgan bo‘lsa, qonunda belgilangan tartibda moddiy zararning o‘rnini qoplash yoki ma’naviy ziyonni kompensatsiya qilish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rishi shart.

Qarang: FKning 15, 990, 1021, 1022-moddalari; MJtKning 43-moddasi; JK 144-moddasining birinchi qismi; Mazkur Qonunning 26-moddasi; VM 2015 yil 31 martdagi 73-son Qarori bilan tasdiqlangan “Davlat organlari va davlat muassasalarida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tartibi to‘g‘risida”gi Namunaviy nizom 58-bandining birinchi, uchinchi-beshinchi xatboshilari


24-modda. Murojaatlarni umumlashtirish va tahlil qilish

Murojaatlarni ko‘rib chiqayotgan davlat organlari jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlari, shuningdek jamiyat va davlat manfaatlari buzilishini keltirib chiqaruvchi sabablarni aniqlash hamda bartaraf etish maqsadida murojaatlarni bir yilda kamida bir marta umumlashtiradi va tahlil qilib boradi.

Qarang: VM 2015 yil 31 martdagi 73-son Qarori bilan tasdiqlangan “Davlat organlari va davlat muassasalarida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tartibi to‘g‘risida”gi Namunaviy nizomning 60-bandi


5-BOB. YaKUNLOVChI QOIDALAR

25-modda. Nizolarni hal etish
26-modda. Moddiy zararning o‘rnini qoplash
va ma’naviy ziyonni kompensatsiya qilish
27-modda. Bila turib yolg‘on ma’lumotlar bayon etilgan
murojaatlarni ko‘rib chiqishda qilingan
xarajatlarning o‘rnini qoplash
28-modda. Murojaatlar to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini
buzganlik uchun javobgarlik
29-modda. Ayrim qonun hujjatlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish
30-modda. Qonun hujjatlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirish
31-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi


25-modda. Nizolarni hal etish

Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari sohasidagi nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.

Qarang: FPK; XPK


26-modda. Moddiy zararning o‘rnini qoplash
va ma’naviy ziyonni kompensatsiya qilish

Jismoniy yoki yuridik shaxsning arizasi yoxud shikoyati ana shu murojaat bo‘yicha qonunga xilof qaror qabul qilgan davlat organi tomonidan qanoatlantirilgan taqdirda, ariza yoki shikoyat berish va uni ko‘rib chiqish bilan bog‘liq zararning o‘rni, arizani yoki shikoyatni ko‘rib chiqish uchun tegishli davlat organining talabi bilan joylarga borish munosabati bilan qilingan xarajatlarning hamda ana shu vaqt ichida yo‘qotilgan ish haqining o‘rni murojaat etuvchiga sud tartibida qoplanadi. Sud tartibida ma’naviy ziyon ham kompensatsiya qilinishi mumkin.

Qarang: FKning 15, 990, 1021, 1022-moddalari

Jismoniy yoki yuridik shaxsning arizasini yoxud shikoyatini ko‘rib chiqishda qonun talablari buzilganligi munosabati bilan unga yetkazilgan moddiy zararning o‘rnini qoplash va ma’naviy ziyonni kompensatsiya qilish sifatida davlat organi tomonidan to‘langan mablag‘lar aybdor mansabdor shaxsdan regress tartibida undirib olinishi mumkin.

Qarang: FKning 1001-moddasi


27-modda. Bila turib yolg‘on ma’lumotlar bayon etilgan
murojaatlarni ko‘rib chiqishda qilingan
xarajatlarning o‘rnini qoplash

Bila turib yolg‘on ma’lumotlar bayon etilgan murojaatlarni ko‘rib chiqishda davlat organi tomonidan qilingan xarajatlar jismoniy yoki yuridik shaxsdan sudning qaroriga ko‘ra undirib olinishi mumkin.


28-modda. Murojaatlar to‘g‘risidagi qonun
hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik

Murojaatlar to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik, xuddi shuningdek tuhmat va haqoratdan iborat murojaat berganlik belgilangan tartibda javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Qarang: FKning 100-moddasi; MJtKning 40, 41, 43-moddalari; JKning 139, 140, 144-moddalari; Mazkur Qonunning 26-moddasi; VM 2015 yil 31 martdagi 73-son Qarori bilan tasdiqlangan “Davlat organlari va davlat muassasalarida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tartibi to‘g‘risida”gi Namunaviy nizomning VIII bo‘limi


29-modda. Ayrim qonun hujjatlarini
o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish

Quyidagilar o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilsin:

1) O‘zbekiston Respublikasining 1994 yil 6 mayda qabul qilingan "Fuqarolarning murojaatlari to‘g‘risida"gi 1064-XII-sonli Qonuni (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1994 yil, N 5, 140-modda);

2) O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1994 yil 6 mayda qabul qilingan "Fuqarolarning murojaatlari to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini amalga kiritish haqida"gi 1065-XII-sonli Qarori (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1994 yil, N 5, 141-modda);

3) O‘zbekiston Respublikasining 2002 yil 13 dekabrda qabul qilingan "Fuqarolarning murojaatlari to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish haqida"gi 446-II-sonli Qonuni (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2003 yil, N 1, 7-modda).


30-modda. Qonun hujjatlarini ushbu
Qonunga muvofiqlashtirish

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;

Qarang: VM 2015 yil 31 martdagi 74-son “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida” 2014 yil 3 dekabrdagi O‘RQ-378-son Qonuni)”gi Qarori

davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid bo‘lgan o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishlari va bekor qilishlarini ta’minlasin.


31-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi

Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.


O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti                                                                I. Karimov

ko'chirib olish format PDF (198kb)